Toshkentdagi 87 sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chiriladi

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkentda ekologik xavfli deb topilgan 87 ta sanoat korxonasi bosqichma-bosqich shahar hududidan olib chiqilishini ma’lum qildi.

Qaror 2025-yil 30-yanvardagi prezident farmoni asosida qabul qilingan. Hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan.

Dasturga ko‘ra, asbest va sement sanoati, charm-poyabzal va parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya hamda yuqori energiya talab qiluvchi boshqa tarmoqlarni Toshkent, Nukus va viloyat markazlaridan chiqarish rejalashtirilgan.

Korxonalarni ko‘chirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Asosiy shart — mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga moslashtirish.

Qaror ijrosini nazorat qilish uchun maxsus komissiya tuzilgan. U doimiy ravishda sanoat obyektlarida reyd tekshiruvlarini o‘tkazmoqda. Shu jarayonda “O‘zvtorrsvetmet” aksiyadorlik jamiyati faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Mazkur korxona I toifadagi ekologik xavfli obyektlar sirasiga kiradi. U Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chirilishi belgilangan. 2025-yil oktabrdagi tekshiruvlarda atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan.

Kompaniyaga majburiy ko‘rsatma berildi. Yetkazilgan ekologik zarar uchun kompensatsiya miqdori 18 mlrd 91 mln 717 ming 137 so‘m etib belgilandi. Ajratilgan imtiyozlar hisobiga eskirgan va zararli eritish pechlarini utilizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Mas’ullar qayd etishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar havoga chiqishining oldini oladi. Bu Toshkentning Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga olib kelishi kutilmoqda.

Qaynoq24.uz korxonalarga 1-dekabrga qadar zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirish topshirilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.