Netflix kompaniyasi pullik obunachilar soni 325 mln nafardan oshganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil yanvarida qayd etilgan 300 mln obunachidan sezilarli darajada yuqori.
Kompaniya to‘rtinchi chorak moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, Netflix daromadi va foydasi tahlilchilar kutganidan biroz yuqori bo‘ldi. Chorak yakunida kompaniya aksiyaga 56 sent foyda ko‘rdi. Daromad esa 12,05 mlrd dollarni tashkil etdi.
Netflix so‘nggi yillarda obunachilar sonini asosiy ko‘rsatkich sifatida kamroq e’lon qila boshlagan edi. Kompaniya muvaffaqiyatni baholashda ko‘proq daromad va foyda o‘sishiga e’tibor qaratmoqda.
Hisobot e’lon qilingan kuni Netflix Warner Bros. Discovery aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifini yangiladi. Kompaniya bitimni to‘liq naqd pul orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu kelishuv monopoliyaga qarshi tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Netflix hammuassisi Ted Sarandos bitim iste’molchilar, kontent ijodkorlari va bozor o‘sishi uchun foydali ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, kompaniya regulyatorlar ushbu kelishuvni ma’qullashiga ishonadi.
2026-yil birinchi choragi uchun Netflix har bir aksiya uchun 76 sent foyda va $12,16 mlrd daromad kutmoqda. Kompaniya kelgusi yilda reklama biznesini rivojlantirish, jonli tadbirlar sonini oshirish va yangi kontent yo‘nalishlarini kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Qaynoq24.uz Larri Ellison Warner Bros. Discovery bitimi uchun 40 mlrd dollarlik kafolat bergani haqida yozgan edi.

