Hindistonning sharqida joylashgan Jharkhand shtatida daydi filning hujumlari oqibatida so‘nggi 10 kun ichida kamida 22 kishi halok bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar hayvonni qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshlanganini ma’lum qildi.
Yanvar oyining boshidan buyon fil bir nechta qishloqlarga bostirib kirgan. Qurbonlar orasida sakkiz oylik chaqaloq ham bor. Shuningdek, filni zararsizlantirish uchun jalb qilingan yovvoyi tabiat mutaxassisi ham hujum oqibatida vafot etgan. Rasmiylar halok bo‘lganlarning oila a’zolariga kompensatsiya to‘lanishini bildirgan.
Hujumlarning aksariyati tungi paytlarda sodir bo‘lgan. Fil qishloqlarga kirib, aholi yashaydigan hududlar va o‘rmonlar orqali harakatlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlarning vahima ichida qochayotgani aks etgan. Ayrim holatlarda fil bilan to‘qnash kelgan shaxslar yerga uloqtirib yuborilgan.
Mahalliy hokimiyat Chaibasa tumani aholisini o‘rmonlarga kirmaslik va tungi vaqtda tashqariga chiqmaslik haqida ogohlantirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fil sutkasiga qariyb 30 kilometr masofani bosib o‘tmoqda. Uni qo‘lga olish uchun hududga 100 dan ortiq o‘rmon xo‘jaligi xodimi safarbar etilgan.
Hindistonda odamlar va fillar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi yillarda ko‘paymoqda. Bunga fillar yashash hududlarining qisqarishi, migratsiya yo‘laklarining yo‘qolishi va aholi punktlarining kengayishi sabab bo‘lmoqda. So‘nggi besh yil ichida mamlakatda fil hujumlari oqibatida 2800 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Qaynoq24.uz Hindistonda yo‘lovchi poyezd fillar to‘dasini urib ketgani haqida yozgan edi.

