Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston va Markaziy Osiyo farovonligi yo‘lida Anqara barcha choralarni ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tgan uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Erdo‘g‘an so‘zlarini Anadolu axborot agentligi keltirdi.
Uning ta’kidlashicha, davlatlar hamjihatlikda harakat qilsa, “turkiy asr” tarixida muhim iz qoldirish mumkin bo‘ladi. Turkiya rahbari Toshkent va Anqara til, qadriyat va amaliy hamkorlikda yanada yaqinlashib borishini qayd etdi.
Erdo‘g‘an ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi $5 mlrdgacha yetishiga ishonch bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi $3,02 mlrdni tashkil etgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich $3,03 mlrd bo‘lgan.
Turkiya prezidenti O‘zbekistonning gumanitar tashabbuslarini ham yuksak baholadi. U Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘arma tashkil etilgani va Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga berilgan yordamni alohida tilga oldi. Xususan, Arsus shahrida turar joy majmuasi qurilgani qayd etildi.
Yangi uylar kalitlarini topshirish marosimida Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayrami kunlari zilziladan zarar ko‘rgan oilalar guruhini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Ushbu tashabbus Turkiya rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

