Yaponiya okean tubidan noyob yer elementlarini topdi

Foto: Frank Rumpenhorst/dpa/picture alliance
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Yaponiya olimlari okean tubida noyob yer elementlariga boy yirik konni aniqladi. Tadqiqotlar Tinch okeanida joylashgan Minamitori atolli yaqinida, taxminan 6 ming metr chuqurlikda olib borildi. Bu haqda DW xabar berdi.

Yaponiya hukumatining ma’lum qilishicha, chuqur suv osti ilmiy burg‘ulash kemasi Chikyu tomonidan olingan namunalar tarkibida seriy, ittriy va neodim kabi noyob yer metallari mavjud. Olimlar bahosiga ko‘ra, ushbu hudud suvlarida 16 mln tonnadan ortiq noyob yer elementlari bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, kon dunyodagi eng yiriklardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti eksperti Takahiro Kamisunaning fikricha, agar Yaponiya Minamitori hududida noyob yer elementlarini barqaror ravishda qazib olishga muvaffaq bo‘lsa, bu mamlakat sanoatining muhim tarmoqlari uchun ichki ta’minot zanjirini yaratadi. Shuningdek, bu Tokio uchun Xitoydan kelayotgan xomashyo yetkazib berishiga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar fonida Pekin tomonidan ayrim tovarlar eksportiga cheklovlar joriy etilgandi. Yanvar oyida Xitoy Savdo vazirligi Yaponiya uchun ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar eksportini taqiqlagan, ularning bir qismi aynan noyob yer elementlariga to‘g‘ri keladi.

Noyob yer elementlari yuqori texnologiyali mahsulotlar, jumladan, elektronika, mashinasozlik va energetika sohalari uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Hozirda bu metallarning asosiy tasdiqlangan zaxiralari Xitoy, Vyetnam, Braziliya va Rossiyada jamlangan. Yaponiya kashfiyoti global bozordagi kuchlar muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qaynoq24.uz Xitoy Yaponiyaga ikki maqsadli mahsulotlar eksportini taqiqlagani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.