O‘zbekistonda 2028-yilgacha suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan sug‘oriladigan yerlar maydoni 3,5 mln gektarga yetkaziladi. Bu jami sug‘oriladigan yerlarning qariyb 80 foizini tashkil etadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotda ma’lum qilindi.
Rejalarga ko‘ra, 2028-yilgacha qo‘shimcha 930 ming gektar maydonda zamonaviy suvni tejovchi tizimlar joriy etiladi. Natijada yiliga 3,5 mlrd kub metr suv tejaladi. Bu suv bilan 300 ming gektar yerning ta’minoti yaxshilanadi hamda takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati kengayadi.
Hozirda suvni tejovchi texnologiyalar 2,6 mln gektar sug‘oriladigan maydonda qo‘llanilmoqda. Bu umumiy maydonning 60 foiziga teng. Ushbu tizimlar hisobiga har yili 2,5 mlrd kub metr suv tejalmoqda.
Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya va soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Ularning miqdori yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Texnologiyalarni o‘z mablag‘i hisobidan joriy etgan xo‘jaliklar subsidiyaning 50 foizini avans tariqasida olishi mumkin.
Shuningdek, tomchilatib va diskret sug‘orish tizimlarini o‘rnatish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi rejalashtirilgan.
Qaynoq24.uz Qishloq xo‘jaligi subyektlariga sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratilishi haqida yozgan edi.

