2027-yildan suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etmagan fermerlar suv uchun ikki baravar soliq to‘laydi. Bu haqda Adliya vazirligi Prezident qaroriga tayanib ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, choralar butun O‘zbekiston hududida qo‘llanadi. Maqsad suv resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirishdir.
Suv ta’minoti beqaror bo‘lgan hududlardagi agrarlar uchun imtiyozlar saqlanib qoladi. Agar ular suvni tejash texnologiyalarini joriy etsa, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 koeffitsiyent qo‘llanadi.
Baliqchilik xo‘jaliklari va guruch yetishtiruvchilar uchun alohida talablar belgilangan. Ular 2027-yilgacha o‘z hisobidan onlayn ma’lumot uzata oladigan “aqlli” suv hisoblagichlarini o‘rnatishi shart.
Agar suv hisoblagichlari bo‘lmasa, tadbirkorlarga nisbatan suv solig‘ining ikki baravar stavkasi qo‘llanadi.
Qaynoq24.uz sug‘oriladigan yerlarning 80 foizida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilishi haqida yozgan edi.

