Portugaliyada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida sotsialist nomzod António José Seguro ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu haqda The Guardian ma’lum qildi. U ovozlarning 66,8 foizini olgan. Uning raqibi, o‘ta o‘ng Chega partiyasi yetakchisi André Ventura 33,2 foiz bilan rekord natija qayd etdi.
Saylov bo‘lib o‘tishiga kuchli bo‘ronlar sababli yuzaga kelgan uzilishlar qaramay, ovoz berish o‘z vaqtida o‘tkazildi. Mavjud prezident Marcelo Rebelo de Sousaning vorisini saylash jarayonida bir qator o‘ng markazchi siyosatchilar ham Ventura g‘alabasining oldini olish maqsadida markazchi nomzodni qo‘lladi.
Seguro saylov natijalarini mamlakatning erkinlik va demokratiyaga sodiqligi, deb baholadi. Ventura esa Chega Portugaliyaning asosiy o‘ng kuchiga aylanganini va yaqin kelajakda hokimiyatga kelishini iddao qildi. Saylovoldi kampaniyasida Chega immigratsiyaga qarshi shiorlarni asosiy mavzuga aylantirdi.

Chega natijasi o‘tgan yilgi parlament saylovlaridagi 22,8 foizlik ko‘rsatkichdan ham yuqori bo‘ldi. Yevropa yetakchilari Seguro g‘alabasini tabrikladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula von der Leyen portugaliyaliklarning ofatlar sharoitida ham ovoz berishga chiqqanini demokratik barqarorlik belgisi, deb atadi.
Bo‘ronlar oqibatida 20 ta hududda ovoz berish bir haftaga ko‘chirildi. Bu taxminan 37 ming saylovchini qamrab oldi va umumiy natijaga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Portugaliyada prezidentlik asosan ramziy lavozim hisoblanadi. Biroq ayrim holatlarda parlamentni tarqatib yuborish vakolati mavjud. Seguro o‘ng markaziy hukumat bilan hamkorlik qilishni maqsad qilganini bildirdi. Ventura esa prezident vakolatlarini kengaytirish tarafdori ekanini aytgan.
Qaynoq24.uz Laura Fernandes Kosta-Rikada prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani haqida yozgan edi.

