AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Kanada o‘rtasida qurilgan yirik avtomobil ko‘prigi ochilishini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Gap AQShning Michigan shtati va Kanadaning Ontario provinsiyasini bog‘lovchi Gordie Howe xalqaro ko‘prigi haqida ketmoqda. Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida ko‘prik Ottava AQShga “adolat va hurmat bilan munosabatda bo‘lmaguncha” ochilmasligini yozdi. Shuningdek, u muzokaralar darhol boshlanishini aytdi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
Loyiha rasmiy saytiga ko‘ra, ko‘prik qurilishi Kanada hukumati tomonidan moliyalashtirilgan. Biroq obyekt Kanadaning o‘zi va Michigan shtati uchun umumiy jamoat mulki hisoblanadi. Shu bilan birga, ko‘prikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Windsor–Detroit Bridge Authority tashkiloti to‘liq Kanada hukumatiga qarashli.
Tramp esa bu pozitsiyaga qo‘shilmayapti. U AQSh kamida ko‘prik aktivining yarmiga egalik qilishi kerakligini bildirdi. Prezident Kanada nafaqat o‘z hududidagi, balki AQSh tomondagi infratuzilmani ham nazorat qilayotgandek fikr bildirdi.
Detroit daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik 2026-yil boshida, barcha texnik sinovlar va ruxsatnomalar yakunlangach, transport harakati uchun ochilishi kutilmoqda. Qurilish ishlari 2018-yilda boshlangan. Shunga qaramay, loyiha ikki mamlakat o‘rtasida o‘n yildan ortiq vaqt davomida bahsli masala bo‘lib kelgan.
Kanada ommaviy axborot vositalari ko‘prik qiymatini $6,4 mlrd Kanada dollari darajasida baholamoqda. Bu loyihani mintaqadagi eng qimmat infratuzilma obyektlaridan biriga aylantirdi.
Tramp o‘z bayonotida savdo masalalariga ham to‘xtaldi. U Kanadaning AQShdan olib kiriladigan sut mahsulotlariga qo‘llayotgan bojlarini yillar davomida “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Shuningdek, Kanadaning Xitoy bilan yaqinda imzolangan savdo kelishuvi mamlakat uchun xavfli oqibatlarga olib kelishini aytdi.
Qaynoq24.uz Tramp Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishini Vashingtonda o‘tkazmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.

