Donald Trampning Florida shtatidagi qarorgohiga kirishga uringan erkak otib o‘ldirildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
AQSh Maxfiy xizmati va Palm-Bich okrugi sherif boshqarmasi xodimlari ichki xavfsizlik hududiga noqonuniy kirgan shaxsni otgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘lida ov miltig‘i va yonilg‘i kanistrasi bilan shimoliy darvoza yaqinida paydo bo‘lgan.
AQSh OAVlari gumonlanuvchini 21 yoshli Ostin T. Martin deb tanishtirdi. U Shimoliy Karolina shtatida yashagan. Uning oila a’zolari uni shanba kuni bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shaxs qarorgohdan mehmon chiqib ketayotgan paytda hududga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda tergov organlari u qurolni Shimoliy Karolinadan Floridaga yo‘l olayotganda sotib olgan-olmaganini aniqlamoqda.
Hodisa vaqtida prezident Donald Tramp Florida shtatida bo‘lmagan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qarorgoh Tramp u yerda bo‘lmagan paytda ham yuqori darajada qo‘riqlanadi va aynan shu kuchli xavfsizlik choralari hujumchining tezda to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.
Hozircha gumonlanuvchining harakatlari ortida qanday maqsad bo‘lgani aniq emas. Tergov ishlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Tramp AQSh–Kanada ko‘prigi ochilishini to‘xtatish bilan tahdid qilgani haqida yozgan edi.

