2026-yil 1-apreldan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti bo‘yicha ota-onalar to‘loviga 50 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Shuningdek, ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun ham soliq imtiyozlari belgilanmoqda. Maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxonalar uchun 2027-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvargacha yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qo‘llanadi.
Bundan tashqari, 2028-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston hududida tijorat banklari balansida bo‘lgan mol-mulk obyektlari bozor narxida qayta baholanib, 10 yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi.
Agar xaridor shartnoma bo‘yicha to‘lovni 6 oy ichida to‘liq amalga oshirsa, shartnoma qiymatining 25 foizi miqdorida chegirma beriladi.
Qaynoq24.uz davlat budjetini tuzish qoidalariga o‘zgartirish kiritilgani haqida yozgan edi.

