Adliya vazirligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 28-fevralda 3380-2-son bilan ro‘yxatga olindi.
Yangi tartibga ko‘ra, “asoslantirilgan mulohaza” tushunchasi joriy etildi. Bu litsenziyalovchi organ tomonidan qo‘llaniladigan professional baholash bo‘lib, unda ko‘rib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy ifodasidan ustun qo‘yiladi.
Asoslantirilgan mulohaza xizmatlar provayderlari ustidan nazorat jarayonida olingan ma’lumotlarga tayangan holda shakllantiriladi. Bu ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, shu jumladan xorijiy nazorat organlari hamda boshqa ochiq manbalardan olinishi mumkin.
Mazkur mulohaza litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish haqidagi arizani rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

