“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yo‘l xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha bir qator keskin choralarni joriy etishni taklif qildi. Partiya bayonotida aytilishicha, tashabbuslar yo‘l harakati madaniyatini oshirish, eng avvalo inson hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan.
Taklif etilayotgan choralar orasida xalqaro Vision Zero dasturini joriy etish muhim o‘rin tutadi. Ushbu yondashuvning maqsadi — infratuzilma, boshqaruv va nazoratni kompleks yaxshilash orqali YTHlarda o‘lim holatlarini butunlay bartaraf etish. Partiya, shuningdek, “Maktab atrofida — xavfsiz hudud” dasturini yo‘lga qo‘yishni ma’qullaydi: maktablar atrofida transport oqimini cheklash, piyodalar o‘tish joylarini yanada ko‘rinadigan qilish, o‘quvchilarga yorqin rangli, nur qaytaruvchi jilet va anjomlarni keng joriy etish taklif qilinmoqda.
Bayonotga ko‘ra, yo‘l qoidalarini muntazam ravishda buzadigan haydovchilar uchun majburiy sug‘urta to‘lovlarini oshirish nazarda tutilgan. Bu mexanizm intizomni mustahkamlash va qayta-qayta qoidabuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishga xizmat qilishi kutiladi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘limi bilan yakunlangan YTHlar bo‘yicha jazolarni og‘irlashtirish, tezlikni me’yoridan oshirish yoki mast holatda boshqarish kabi eng xavfli xatti-harakatlar uchun haydovchilik guvohnomasidan 10 yilga yoki umrbod mahrum etish choralarini qo‘llash taklif etilmoqda.
Qaynoq24.uz nashri Toshkentda Cobalt bilan to‘qnashgan Lacetti avtomobili yonib ketgani haqida yozgan edi.

