Andijon viloyatida noqonuniy ohak xumdonlari buzib tashlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar bermoqda.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi, hokimlik va boshqa idoralar tungi reydlarni Andijon tumani Xakan sanoat hududida o‘tkazdi.
Reydlar aholi tomonidan bildirilgan murojaatlardan so‘ng tashkil etildi. Fuqarolar ohak pishirish jarayonidan chiqqan yoqimsiz hid va havoga tarqalayotgan zararli moddalar sog‘liqqa xavf tug‘dirayotganini ma’lum qilgan.
Tekshiruvda yerlarni noqonuniy egallab, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda ohak ishlab chiqargan bir nechta shaxslar aniqlandi. Tadbirkorlik faoliyatining noqonuniy olib borilgani qayd etildi va 15 dan ortiq noqonuniy xumdon buzib tashlandi.
Huquqbuzarlarga bunday ishlarni takrorlamaslik, faqat qonuniy asosda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik bo‘yicha ogohlantirish berilgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri 740 million so‘mlik noqonuniy oltin savdosi to‘xtatilgani haqida yozgan edi.

