Android tizimida 100 dan ortiq xavfli zaifliklar aniqlandi. Bu haqda Source Android saytida ma’lum qilindi.
Mutaxassislar Android tizimida jami 107 ta xavfsizlik nuqsoni topilganini bildirdi va ular uchun tuzatish (patch) tayyorlandi.
Xabar berilishicha, zaifliklar Android Open Source Project ekotizimidagi turli komponentlarda aniqlangan. Eng xavfli nuqsonlar sifatida CVE-2025-48633 va CVE-2025-48572 qayd etilgan. Ular tizimdagi imtiyozlarni oshirish va Android Framework orqali maxfiy ma’lumotlarga ruxsatsiz kirish imkonini beradi. Ushbu zaifliklardan foydalanib, foydalanuvchilarni masofadan turib hujumga uchratish mumkin. Google mutaxassislari xakerlar bu bo‘shliqlardan allaqachon real hujumlarda foydalanganini tasdiqladi.
The Hacker News nashri Google odatdagidek hujumlar tafsilotlarini oshkor qilmaganini, ularning tabiati, qanday qo‘llangani yoki o‘zaro bog‘liqligi haqida ma’lumot bermaganini ta’kidladi.
“Hujumlar ortida kim turgani noma’lum”, — deb yozadi nashr.
Google barcha aniqlangan zaifliklar bo‘yicha tuzatishlar tayyorlaganini va foydalanuvchilar 5-dekabrdan boshlab yangilanishni o‘z qurilmalariga o‘rnatishi mumkinligini ma’lum qildi.
Qaynoq24.uz Apple Android’dagi yangi Quick Share funksiyasidan norozi bo‘lgani haqida yozgan edi.

