Counterpoint tahliliga ko‘ra, 2025-yilda global smartfon bozori 2 foizga o‘sdi va ushbu davrda Apple yetakchiga aylandi. Kompaniya yil yakunlariga ko‘ra bozorning 20 foiz ulushini egallab, Samsung va Xiaomi’ni ortda qoldirdi.
Apple’ning bunday natijaga erishishida Yaponiya, Hindiston hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yuqori talab muhim rol o‘ynadi. Aynan ushbu mintaqalarda iPhone savdosi keskin oshgani qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, mutaxassislar 2026-yilda smartfon bozorida pasayish bo‘lishini taxmin qilmoqda. Bunga xotira chiplarining tanqisligi sabab bo‘lmoqda. Ushbu chiplar hozirda asosan sun’iy intellekt texnologiyalari ehtiyojlari uchun yo‘naltirilayotgani sababli butlovchi qismlar narxi oshib bormoqda.
Tahlilchilarning fikricha, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozni Apple va Samsung boshqa ishlab chiqaruvchilarga nisbatan yengilroq o‘tkazadi. Chunki bu kompaniyalar ishlab chiqarish jarayonini qat’iy nazorat qiladi hamda asosan yuqori narx segmentiga yo‘naltirilgan bo‘lib, u yerda xaridorlar narx oshishiga kamroq sezgir bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Apple iPhone 18 taqdimotini kechiktirishi haqida yozgan edi.

