Apple iPhone ishlab chiqarish taqvimini tubdan o‘zgartirmoqda. Kompaniya iPhone 18 Pro modelini 2026-yil fevral oyidayoq ommaviy ishlab chiqarishga kiritishni rejalashtirgan. Oddiy model esa 2027-yilda chiqadi.
Odatda Apple’da flagman iPhone’lar ishlab chiqarishi yoz boshida boshlanar edi. Bu safar jarayon deyarli olti oyga oldinga surilmoqda. Manbalarga ko‘ra, bunga so‘nggi qurilmalardagi texnik muammolar sabab bo‘lgan. Kompaniya yangi modellar bozorga chiqishidan oldin kengroq “xavfsizlik oynasi” yaratmoqchi.
Asosiy muammolardan biri displey texnologiyasi bilan bog‘liq. Apple Dynamic Island dizaynidan voz kechib, Face ID sensorlarini to‘liq ekran ostiga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun infraqizil nurlarni o‘tkaza oladigan maxsus “mikro-shaffof” oynalar talab etiladi. Bu esa ishlab chiqarishda yuqori darajadagi murakkablikni keltirib chiqarmoqda.

Yangi iPhone 18 Pro‘da faqatgina selfi kamera uchun kichik punch-hole teshigi qoladi. Ushbu yechim Apple’ning 2027 yilga mo‘ljallangan to‘liq “chegarasiz ekran”li iPhone konsepsiyasiga yo‘l ochadi.
Kamera tizimi ham sezilarli yangilanadi. iPhone 18 Pro Apple tarixida ilk bor mexanik o‘zgaruvchan diafragma bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bu texnologiya yorug‘likni DSLR kameralar kabi aniq nazorat qilish imkonini beradi. Tizim yangi A20 Pro chipi bilan uyg‘un ishlaydi.
Manbalarga ko‘ra, A20 Pro sanoatdagi birinchi 2 nanometrli protsessor bo‘ladi. U energiya samaradorligini taxminan 30 foizga oshiradi.

Eng katta yangiliklardan biri — taqdimot strategiyasining o‘zgarishi. Apple an’anaviy tarzda sentabr oyida to‘rtta iPhone’ni bir vaqtda taqdim etishdan voz kechishi mumkin. 2026-yil kuzida faqat iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va ilk buklanuvchi iPhone Fold namoyish etiladi.
Qaynoq24.uz 2025-yilning eng yaxshi iPhone smartfonlari haqida yozgan edi.

