AQSh Eron bo‘yicha ehtimoliy harbiy zarba masalasini ko‘rib chiqayotgan bir paytda Yaqin Sharqqa qo‘shin yubordi. Bu haqda Fox News manbalariga tayanib xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh harbiy kuchlari mintaqaga yo‘naltirilgan, qaror esa AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Eron atrofidagi vaziyat fonida muhokama qilinmoqda.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Tramp va uning jamoasi Eronda davom etayotgan ommaviy noroziliklarni diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, AQSh ma’muriyati hozirda vaziyat rivojiga oid barcha ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda.
Erondagi namoyishlari vaqtida xavfsizlik kuchlarining kuchli bosimi oqibatida 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, deb xabar qildi AQSHda joylashgan Human Rights Activists News Agency.
Ma’lumotlarga ko‘ra, internet blokadasiga qaramasdan, so‘nggi 17 kun ichida 1 850 nafar namoyishchi, hukumat tomoni bilan bog‘liq 135 kishi, shuningdek, 9 nafar bola va 9 nafar tasodifiy fuqaro o‘limi tasdiqlangan.
Shu bilan birga, Eron hukumatining bir rasmiy vakili ham 2 ming kishi halok bo‘lganini tan olgan, biroq u qurbonliklar uchun “terrorchilar”ni ayblagan, deb yozmoqda Reuters.

