AQSh rasmiylari Eronda butun mamlakat bo‘ylab davom etayotgan namoyishlar zo‘ravon tus olishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ma’lumotga ko‘ra, hozirda qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilgan, yo‘llar yopilmoqda, jamoat transporti ishida uzilishlar kuzatilmoqda va internet aloqasi cheklangan.
Eron hukumati mobil, statsionar hamda milliy internet tarmoqlariga kirishni cheklagan. Ayni paytda aviakompaniyalar Eronga parvozlarni qisqartirmoqda yoki vaqtincha bekor qilmoqda. Ayrim reyslar 16-yanvargacha to‘xtatilgan.
AQSh fuqarolariga internet uzilishlari davom etishi mumkinligi aytildi. Agar xavfsiz bo‘lsa, Eronni yer orqali Armaniston yoki Turkiya tomon tark etish tavsiya etildi. Rasmiylar AQSH hukumat yordamiga tayanilmagan holda chiqib ketish rejasini tuzishni so‘ramoqda.
Ogohlantirishda aytilishicha, chiqib ketish imkoni bo‘lmagan hollarda xavfsiz binoda qolish, oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini tayyorlab qo‘yish zarur. Namoyishlardan yiroq bo‘lish, e’tiborni jalb qilmaslik va mahalliy axborot manbalarini kuzatib borish tavsiya qilingan.
AQSh va Eron o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. Shu sababli Erondagi AQSH manfaatlarini Shveysariya elchixonasi himoya qiladi. Qo‘shimcha yordam va axborot uchun Tehrondagi Shveysariya elchixonasining Tashqi manfaatlar bo‘limiga murojaat qilish mumkin.
AQSh rasmiylari xavf yuqori bo‘lgan hududlarga, jumladan Afg‘oniston, Iroq va Pokiston–Eron chegarasi tomon safar qilmaslikni qat’iy tavsiya qildi.
Qaynoq24.uz Eron AQSh hujumi bo‘lsa, javob qaytarishini bildirgani haqida yozgan edi.

