AQSh G‘azo hududini ikkiga ajratish rejasini ishlab chiqmoqda

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

AQSh G‘azo hududi ikkiga ajratilish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Rejaga ko‘ra, hudud uzoq muddatga ikki qismga bo‘linadi. Sharqiy qism “yashil zona” bo‘lib, bu yerda xalqaro va Isroil qo‘shinlari joylashadi. Qurilish ishlari ham shu hududdan boshlanadi. G‘azoning qolgan qismi esa “qizil zona” sifatida qoladi. Mazkur hududda hozircha qayta tiklash rejalashtirilmaydi.

AQSh harbiy hujjatlarida aytilishicha, xorijiy kuchlar dastlab Isroil askarlari bilan yonma-yon xizmat qiladi. Hudud “sariq chiziq” bo‘yicha ajralgan holda saqlanadi. Bu chiziq hozirda Isroil nazoratida.

Foto: Getty images

So‘nggi haftalarda AQSh G‘azoda muqobil xavfsiz jamoalar deb nomlangan kichik lagerlar yaratish g‘oyasini ilgari surgan edi. Biroq bu rejadan ham voz kechildi. Gumanitar tashkilotlarga bu o‘zgarish haqida hali rasmiy ma’lumot berilmadi.

Donald Tramp o‘tgan oy e’lon qilgan 20 bandli “tinchlik rejasi” xalqaro stabilizatsiya kuchlari (ISF) tuzilishi bilan bog‘liq. AQSh BMT Xavfsizlik Kengashida bu kuchlarga mandat beruvchi rezolyutsiya kelasi haftada ovozga qo‘yilishini kutmoqda. Lekin Tramp AQSh askarlari G‘azoga kirmasligini va rekonstruksiya xarajatlarini ham moliyalashtirmasligini ochiq aytgan.

AQShning CENTCOM qo‘mondonligi tayyorlagan dastlabki hujjatlarda Britaniya, Fransiya va Germaniyadan yuzlab harbiylar jalb etilishi ko‘rsatilgan. Britaniyadan 1500 nafargacha piyoda askarlar, Fransiyadan mingga yaqin harbiylar, yana Germaniya, Niderlandiya va Skandinaviya davlatlari tibbiy yordam va razvedka bo‘yicha jalb etilishi rejalashtirilgan edi. Ammo manbalarga ko‘ra, bu reja “haqiqatdan uzoq” bo‘lib chiqdi. Ayni paytda faqat Italiya qo‘shin yuborishga qisman tayyorligini bildirgan.

Foto: Reuters

AQSh hujjatlarida Iordaniya ham yuzlab askar va uch minggacha politsiya xodimi bilan kiritilgan. Biroq Iordaniya qiroli bunday missiyani qat’iyan rad etgan. Chunki mamlakat aholisi tarkibida falastinliklar ko‘p va bu qaror ichki xavfsizlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Yana bir hujjatda chet el askarlarining nazorat chizig‘idagi o‘tish punktlarini boshqarishi ko‘rsatilgan. Biroq bu vazifa ko‘plab davlatlarni tashvishga solmoqda. Sababi, ular Isroil va Hamas o‘rtasidagi otishmalar orasida qolishidan xavotirda. Shuningdek, ular o‘z qo‘shinlari Isroil bosqinini qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinishidan ham qo‘rqadi.

G‘azo bo‘linishi, rekonstruksiya ishlari qachon va qanday boshlanishi, kim nazoratni o‘z zimmasiga olishi — bularning barchasi hozircha aniq emas. Lekin AQSh rejalari hududning uzoq muddatga bo‘linib qolish ehtimolini kuchaytirmoqda.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQSh «Lukoil” kompaniyasiga qo‘yilgan sanksiyalar bo‘yicha imtiyozni uzaytirgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.