AQSh Grenlandiya aholisini Daniyadan ajralib chiqishga va kelajakda Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishga ko‘ndirish maqsadida bir martalik pul to‘lovlari yuborish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda masalaga yaqin bo‘lgan to‘rt manba Reuters’ga ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, Oq uy maslahatchilari Grenlandiyaning har bir fuqarosiga 10 ming dollardan 100 ming dollargacha to‘lov amalga oshirish variantlarini ko‘rib chiqqan. Aniq summa va to‘lov mexanizmlari hozircha belgilanmagan.
Ushbu tashabbus AQShning Daniyaga qarashli, 57 ming aholiga ega Grenlandiyani o‘z nazoratiga olish bo‘yicha muhokama qilinayotgan rejalaridan biri sifatida tilga olinmoqda. Biroq Kopengagen va Nuuk rasmiylari Grenlandiya sotilmasligini qat’iy ta’kidlab kelmoqda. Yevropa yetakchilari ham Daniya va Grenlandiya pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Reuters manbalariga ko‘ra, Oq uyda Grenlandiya masalasi bo‘yicha muzokaralar so‘nggi kunlarda yanada faollashgan. Ayrim variantlar orasida AQSh harbiy salohiyatidan foydalanish ehtimoli ham muhokama qilingan. Shu bilan birga, bevosita pul to‘lash g‘oyasi aholi uchun kamsituvchi va haddan tashqari savdolashuvga o‘xshab ko‘rinishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Qaynoq24.uz Daniyada Grenlandiya yuzasidan ehtimoliy mojaro haqida fikr bildirilgani haqida yozgan edi.

