AQSh ishchi vizalari uchun LinkedIn profillari tekshiruvdan o‘tkaziladi

Foto: Unsplash
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh Davlat departamenti xorijdan ishchi viza olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Reuters xabariga ko‘ra, 2-dekabr kuni konsulliklarga yuborilgan maxsus ko‘rsatmada H-1B va boshqa ishchi vizalar uchun ariza beruvchilarning LinkedIn profillari majburiy ravishda tekshirilishi belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, konsullik xodimlari nafaqat arizachining, balki u bilan birga AQShga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan oila a’zolarining ham professional profillarini ko‘rib chiqadi. Maqsad — arizachining so‘z erkinligini cheklash yoki senzura bilan bog‘liq faoliyatlarda ishtirok etgan-etmaganini aniqlash.

Davlat departamenti ko‘rsatmasida shunday deyiladi:

“Agar nomzod AQSh hududida muhofaza qilinadigan fikr bildirish erkinligini senzura qilishga uringan yoki bunga aloqador bo‘lganligi haqida dalillar topilsa, unga viza berish rad etilishi shart.”

Qaysi sohalar tekshiruv markazida?

AQSh diplomatik missiyalari arizachining quyidagi yo‘nalishlarda ishlagan- ishlamaganini aniqlaydi:

  • kontent moderatsiyasi;
  • faktcheking;
  • dezinformatsiyani aniqlash yoki tarqatish monitoringi;
  • internet xavfsizligi bilan bog‘liq faoliyatlar.

Nima uchun aynan H-1B vizasi alohida e’tiborda?

H-1B AQShdagi eng talabgir ishchi vizalardan biri bo‘lib, texnologiya sektorida keng qo‘llanadi. Sentyabr oyida ushbu viza uchun yig‘im miqdori 1 500 dollardan 100 ming dollargacha oshirilgan. Bu texnologik kompaniyalar uchun katta xarajat bo‘lib, endi ular har bir mutaxassisning qiymatini yanada jiddiy baholashi kerak bo‘ladi.

Yangi siyosat xalqaro munosabatlarga ta’sir qilishi mumkin

2024-yilda tasdiqlangan H-1B arizalarining 71 foizi hindistonlik mutaxassislarga tegishli bo‘lgani sabab, bu o‘zgarishlar AQSh–Hindiston munosabatlariga bosim qilishi mumkinligi aytilmoqda

AQShda Donald Tramp qayta saylangach, mamlakat hukumati Yevropaning so‘z erkinligi siyosatini keskin tanqid qila boshladi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSh vitse-prezidenti Yevropa davlatlarini fikr bildirish erkinligini cheklayotganlikda aybladi. Shundan so‘ng, AQSh Davlat departamenti Yevropa Ittifoqining Digital Services Act (DSA) qonunini “oruellcha senzura” deb atab, uni ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni haddan tashqari nazorat qilishga urinayotgan hujjat sifatida baholadi.

2025-yil sentyabr oyida esa AQSh Yevropa mamlakatlari bilan dezinformatsiyaga qarshi hamkorlik bo‘yicha Biden davrida imzolangan memorandumlarni bekor qildi. Bu qaror Vashingtonning Yevropadagi senzura siyosati bilan kelisha olmasligi va ushbu sohada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamasligini ko‘rsatgan.

Qaynoq24.uz nashri Tramp AQShda yoqilg‘i bilan ishlaydigan avtomobillar ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlamoqchiligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.