AQSh hukumati “Lukoil” kompaniyasiga qo‘yilgan sanksiyalar bo‘yicha imtiyozni uzaytirdi. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.
AQSh G‘aznachilik departamenti kompaniyaning xalqaro bo‘linmalariga 13-dekabrgacha faoliyatni davom ettirishga ruxsat berdi. Bolgariyadagi “Burgas” neftni qayta ishlash zavodi uchun esa imtiyoz 2026-yil aprelgacha amal qiladi.
Donald Tramp o‘tgan oy Rossiyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortayotgani uchun “Lukoil” va davlatga qarashli “Rosneft”ga nisbatan ulkan yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Bu choralar 21-noyabr kuni kuchga kirishi kerak edi.
AQSh G‘aznachilik departamenti sanksiyalar 22-oktabr kuni e’lon qilinganini eslatib, Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy yondashmayotganini sabab sifatida ko‘rsatdi.

“Lukoil” sanksiyalardan so‘ng chet eldagi aktivlarini sotishini ma’lum qildi. Biroq kompaniya hali xaridor topa olmadi. Shveysariyadagi Gunvor bilan bitim AQShning qarori tufayli bekor bo‘lgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Amerika xususiy investitsiya kompaniyasi Carlyle Lukoilning xalqaro aktivlarini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Potensial xaridorlar 13-dekabrgacha muzokara olib borishi mumkin.
AQSh bitimni faqat kompaniya bilan barcha aloqalar to‘liq uzilgan taqdirda, shuningdek, sotuvdan tushgan mablag‘lar “Lukoil” foydalana olmaydigan maxsus bloklangan hisobga o‘tkazilgandan keyingina tasdiqlashi kutilmoqda.
Trampning yangi sanksiyalari Yevropa davlatlarini yoqilg‘i ta’minoti uzilishidan xavotirga soldi. Germaniya o‘ziga qarashli “Rosneft” boshqaruvidagi Shvedt zavodi uchun olti oylik istisno oldi. Bu qaror juma kuni rasman tasdiqlandi.
Bolgariya esa mamlakatdagi eng yirik “Burgas” neftni qayta ishlash zavodini milliylashtirishga kirishgan. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban noyabr boshida Oq uyga qilgan tashrifidan so‘ng rossiyaliklardan neft xarid qilishni davom ettirish uchun bir yillik imtiyozga ega bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qaynoq24.uz nashri Gunvor AQSh bosimi sabab «Lukoil» aktivlarini sotib olish rejasidan voz kechgani haqida yozgan edi.

