AQSh O‘zbekistonni Yaqin Sharq bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif yubordi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbusga qo‘shilish taklifi kelib tushdi.

Maktubda qayd etilishicha, tashabbus 2025-yil 29-sentabrda e’lon qilingan. U jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, mazkur tashabbus BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.

Tashabbus doirasida uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishga tayyor davlatlarni birlashtiradigan yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tuzish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonga ushbu Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifi bildirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘lladi. Unda O‘zbekiston mazkur kengashga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyor ekani qayd etildi.

Davlat rahbari bu tashabbusni Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, shuningdek, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.

Qaynoq24.uz Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda ularning mehnatkashlar huquqlarini himoya qilishdagi rolini alohida ta’kidlagani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.