AQSh ma’muriyati Rossiya va Ukraina urushini tugatish uchun taklif etilgan yangi reja har ikki tomonga ham mos bo‘lishi kerakligini bildirdi. Bu haqda Oq uy vakili Kerolayn Livitt 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir oy davomida prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSh davlat kotibi Marko Rubio ushbu reja ustida ishlagan. Ular Ukraina va Rossiya bilan muloqot qilgan. Livitt rejaning tafsilotlarini oshkor qilmadi, chunki hujjat hali ishlab chiqilmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kechki murojaatida AQSh bilan reja bandlari bo‘yicha birga ishlashga kelishilganini ma’lum qildi. Axios manbasiga ko‘ra, reja nusxasi Zelenskiyga 20-noyabr kuni Kiyevda AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll tomonidan topshirilgan.
Zelenskiy muzokara davomida Ukraina xalqiga muhim bo‘lgan asosiy tamoyillarni bayon qilganini bildirdi. Tomonlar qisqa muddatda yakuniy hujjatni tayyorlashga kelishib olgan.
Shu bilan birga, Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko 20-noyabr oqshomida 28 banddan iborat hujjatni e’lon qildi va uni AQSh tinchlik rejasi deb atadi. Ammo hozircha bu hujjatning rasmiy tasdig‘i yo‘q.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQSh Ukrainadan hududlardan voz kechishni talab qilayotgani aytilayotgani haqida yozgan edi.
Reuters va Axios yozishicha, Vashington ushbu hujjatni Kiyev qabul qilishi kerakligini prezident Vladimir Zelenskiyga ochiq bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reja 28 banddan iborat bo‘lib, unda Ukraina Rossiyaga Donbass ustidan nazoratni berishi ko‘zda tutiladi. Axios’ning qayd etishicha, Ukraina hozircha bu hududning qariyb 14,5 foizini nazorat qilmoqda. Shunga qaramay, AQSh va Yevropa ushbu kelishuv evaziga Kiyevga xavfsizlik kafolatlari taklif qilishi aytilmoqda.

