AQSh va Avstraliya kamyob metallar bo‘yicha muhim kelishuv imzoladi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda. Ushbu bitim AQShning ushbu sohadagi Xitoyga qaramligini kamaytirishga qaratilgan.
Kelishuvga ko‘ra, ikki mamlakat Avstraliyada joylashgan konlar va qayta ishlash loyihalariga birgalikda 1 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritadi. Bu metallar elektr transport vositalari, chiplar va harbiy texnologiyalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan resurslar hisoblanadi.
Albanese so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya hozirda $8,5 mlrd qiymatidagi tayyor loyihalar portfeliga ega.
“Bir yil ichida AQShda kamyob metallar shu qadar ko‘p bo‘ladiki, ular bilan nima qilishni bilmay qolamiz,” — degan Tramp hazil aralash tarzda.

Xitoyga qarshi muhim qadam
So‘nggi yillarda Xitoy kamyob metallar eksportiga cheklovlar kiritib, global ta’minot zanjiriga bosim o‘tkazmoqda. AQSh bu bosimni kamaytirish uchun Avstraliya bilan hamkorlikni strategik darajaga olib chiqmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu kelishuv ikki G‘arb davlati o‘rtasidagi eng muhim mineral resurslar hamkorligidir. AQSh Strategik tadqiqotlar markazi direktori Gracelin Baskaran bu kelishuvni “G‘arb mamlakatlari uchun yangi bosqich” deb atadi.

Moliyaviy tafsilotlar
Bitim doirasida AQSh va Avstraliya dastlabki olti oy ichida 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni konlarni rivojlantirishga yo‘naltiradi. Shuningdek, AQSh Eksport-import banki 2,2 mlrd dollarlik kredit kafolatlarini taqdim etadi.
AQSh Mudofaa vazirligi ham G‘arbiy Avstraliyadagi Alcoa–Sojitz galliy zavodi qurilishini moliyalashtiradi. Bu yiliga 100 tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Avstraliya – Xitoyga muqobil manba
Avstraliya dunyoda kamyob yer elementlari zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi (5,7 mln tonna). Mamlakat allaqachon bu yo‘nalishda Xitoydan tashqaridagi yagona “og‘ir kamyob metallar” ishlab chiqaruvchisi sifatida tanilgan — bu Lynas Rare Earths Ltd. kompaniyasi orqali amalga oshiriladi.

Harbiy hamkorlik va qo‘shimcha bitimlar
Tramp va Albanese uchrashuvda harbiy hamkorlikni ham muhokama qildi. Avstraliya $1,2 mlrdlik suv osti dronlarini va Apache vertolyotlarini xarid qiladi. Shuningdek, AUKUS kelishuvi doirasida AQSh 2030-yillarning boshidan boshlab Avstraliyaga beshtagacha yadro harakatlantiruvchi suvosti kemalari sotishni rejalashtirmoqda.
Tramp bu bitimni davom ettirish niyatida ekanini tasdiqlagan.
“Bizda dunyodagi eng yaxshi suvosti kemalari bor va endi Avstraliya bilan yangi loyihani boshlaymiz,” — degan u.
Qaynoq24.uz nashri AQShda millionlab odam Tramp siyosatiga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.

