AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasida 2 haftalik sulhga kelishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh Eron hududiga hujumlarni vaqtincha to‘xtatadi.
Trampning aytishicha, bu qaror Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif iltimosidan so‘ng qabul qilingan. AQSh tomoni o‘z harbiy maqsadlari bajarilganini bildirgan. Sulh shartiga ko‘ra, shu davr ichida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar erkin harakatlanishi kerak. Bu global savdo uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Tramp Eron tomonidan taqdim etilgan 10 banddan iborat reja “ishlashga yaroqli” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy kelishmovchiliklar deyarli hal qilingan.
AQSh rasmiylari ham zarbalar allaqachon to‘xtatilganini tasdiqladi. Shuningdek, Isroil ham 2 hafta davomida hujumlarni to‘xtatishi kutilmoqda.
Eron tomoni ham sulhga tayyorligini bildirgan. Davlat axborot agentligi bu holatni “katta g‘alaba” deb atagan. Tehron Vashingtonni o‘z rejasini qabul qilishga majbur qilganini ta’kidladi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ikki hafta davomida Ormuz bo‘g‘ozi xavfsiz ishlashini ma’lum qildi. Bu jarayon Eron qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘ladi.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar 10-aprel kuni Islomobod shahrida o‘tkaziladi. Eron Milliy xavfsizlik kengashi muzokaralar AQShga to‘liq ishonchsizlik sharoitida o‘tishini bildirdi. Mazkur sulh mintaqadagi keskinlikni vaqtincha kamaytirishi mumkin. Shu bilan birga, uzoq muddatli tinchlik bo‘yicha yakuniy kelishuv hali oldinda.
Qaynoq24.uz Tramp 6-aprel kuni Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va NATOni tanqid qilgani haqida yozgan edi.

