AQShda 5 ta qalbaki “prava” bilan yurgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda USBPChiefYUM X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Arizona shtatida Blythe Station chegara xodimlari Interstate 10 yo‘lida yuz bergan YTHdan so‘ng 29 yoshli o‘zbekistonlik haydovchini qo‘lga oldi. Unga tegishli yuk mashinasi avariyaga uchragach, xodimlar tekshiruv o‘tkazdi va uning yonidan besh xil shaxsni tasdiqlovchi hujjat topildi. Ikki hujjat Nyu-Yorkka, uch hujjat esa Ogayo shtatiga tegishli bo‘lgan.
Ma’lumotga ko‘ra, haydovchi 2023-yil aprel oyida AQShga noqonuniy kirgan. 2024-yil iyul oyida immigratsiya sudyasi uni deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan. U esa sud qaroriga bo‘ysunmay, mamlakatda qolgan.
Chegara xodimlari uni noqonuniy kirgan shaxs sifatida qo‘lga olgan. Manbaga ko‘ra, U yana deportatsiya jarayoniga yuboriladi. YTH sodir bo‘lgan yuk mashinasi va tirkama mahalliy politsiya tomonidan evakuatsiya qilindi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQShda o‘zbekistonlik terrorchilikda ayblanayotgani haqida yozgan edi.

