AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida mamlakat tomonidan 85 mingta viza bekor qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p ekani bilan e’tibor qaratmoqda. CNN’ning yozishicha, bekor qilingan vizalarning 8 mingdan ortig‘i talabalarga tegishli bo‘lgan.
Rasmiylarga ko‘ra, vizalarni bekor qilish sabablari orasida huquqbuzarliklar, terrorizm bilan ehtimoliy aloqadorlik, shuningdek AQShga nisbatan dushmanona kayfiyat kabi omillar bor. Talabalar vizalari bo‘yicha esa siyosiy faollik — ayniqsa, G‘azo bo‘yicha norozilik namoyishlarida qatnashish — alohida tekshiruvlarga sabab bo‘lgan.
CNN ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati vizalar bo‘yicha “uzluksiz tekshiruv” siyosatini kuchaytirgan. Bunga ko‘ra, mamlakatga kirish ruxsatlari keng qamrovli monitoring ostiga olinmoqda va xavfsizlikka tahdid deb topilgan har qanday holatda viza bekor qilinmoqda.
Qaynoq24.uz AQShga kiruvchi turistlar besh yillik ijtimoiy tarmoq faoliyatini taqdim etishi shart bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.

