AQShda xususiy samolyot halokati: sobiq NASCAR poygachisi va yana olti kishi vafot etdi. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.
AQShning Shimoliy Karolina shtati, Statesvill shahrida xususiy kichik samolyot parvozdan ko‘p o‘tmay qulab tushdi. Hodisa oqibatida yetti nafar kishi halok bo‘lganini Shimoliy Karolina shtati yo‘l-patrul xizmati tasdiqladi.
Halok bo‘lganlar orasida sobiq NASCAR poygachisi Greg Biffl, uning rafiqasi Kristina hamda ikki farzandi — Rayder va Emma bor. Bu haqda marhumlarning oila a’zolari qo‘shma bayonotida ma’lum qilingan.
“O‘rnimizni hech narsa to‘ldira olmaydigan bu fojia barcha oilalarimizni chuqur iztirobga soldi. Ularning har biri biz uchun bebaho edi”, — deyiladi bayonotda.
Oila a’zolari jamoatchilikdan shaxsiy hayotga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘ragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Cessna C550 rusumli samolyot bortida Biffl oilasidan tashqari yana uch nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ular Dennis Datton, uning o‘g‘li Jek hamda NASCAR hamjamiyatining uzoq yillik a’zosi Kreyg Uodsvort ekani aniqlangan.
Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 10:15 atrofida sodir bo‘lgan. Bu haqda Iredell okrugi bosh sherif o‘rinbosari Bill Xembi CNN’ga ma’lum qilgan.
Qaynoq24.uz Ekvadordagi avtobus halokati oqibatida kamida 12 kishi vafot etgani haqida yozgan edi.

