Avstraliyada bolalar va o‘smirlarning internetdagi xavfsizligini oshirishga qaratilgan yangi qonun bugun tungi soat 00:00 dan boshlab rasman kuchga kirdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanadi, platformalar esa ushbu cheklovni ta’minlash uchun oqilona choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi.
Qonun Instagram, Facebook, X (Twitter), Snapchat, TikTok, Reddit va YouTube kabi yirik platformalarga tatbiq etiladi. Biroq ro‘yxat kelajakda kengayishi ham mumkin.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze mazkur tashabbusni dunyo bo‘yicha yetakchi choralar deb atadi. Qonun talablariga amal qilmagan kompaniyalar yirik jarimalarga tortilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar egalari esa taqiqni tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, bu choralar nafaqat amalga oshirish uchun qiyin, balki bolalarni yanada xavfli onlayn makonlarga o‘tishga majbur qilishi, shuningdek, ularning shaxsiy huquqlarini cheklashi mumkin.
Qaynoq24.uz Daniya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi ekanligi haqida yozgan edi.

