20-oktabr kuni Amazon Web Services (AWS) tizimidagi nosozlik butun dunyo bo‘ylab bir qator mashhur onlayn xizmatlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. BBC News xabariga ko‘ra, Snapchat, Zoom, Duolingo, Roblox va yuzlab boshqa platformalarda ishlashda uzilishlar kuzatilgan.
Nosozlikning sababi AQShning Virjiniya shtatidagi AWS ma’lumotlar markazlarida sodir bo‘lgan texnik xato bilan bog‘liq. Aynan shu hududda Amazon’ning eng yirik bulutli infratuzilmasi joylashgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, muammo DNS tizimi nosozligi tufayli yuzaga kelgan. Natijada millionlab saytlar va xizmatlar vaqtincha ishlamay qolgan.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar tomonidan 4 mlndan ortiq nosozlik haqida xabar yuborilgan bo‘lib, bu 500 dan ortiq onlayn platformalarni qamrab olgan.
Amazon vakillari kechroq bayonot berib, tizimda barqarorlashuv belgilari kuzatilayotganini ma’lum qilishgan. Aksar xizmatlar tiklangan bo‘lsa-da, ayrim saytlar, jumladan Reddit, hanuzda ish tezligi pasayganligi va kechikishlar haqida xabar bermoqda.
Qaynoq24.uz nashri Palma de Mayorka aeroportida dron tufayli parvozlar vaqtincha to‘xtatilgani haqida yozgan edi.

