BBC Donald Tramp tomonidan kiritilgan 10 milliard dollarlik da’voni sud bekor qilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, BBC Florida shtati sudi ushbu ishni ko‘rib chiqish vakolatiga ega emasligini ta’kidlagan. Teleradiokompaniya bahsli hujjatli film Florida hududida namoyish etilmaganini bildirgan.
Da’vo 2021-yil 6-yanvardagi nutq montajiga oid. Tramp BBC nutqining ayrim qismlarini kesib, tarafdorlarni Kapitoliyga bostirib kirishga chaqirgandek ko‘rsatganini aytgan. Unda “Kapitoliyga yurish” va “oxirigacha kurashing” iboralari berilgan, tinch namoyishga chaqirgan qismi esa chiqarib tashlangan.
BBC ushbu montaj uchun uzr so‘ragan, ammo da’voni himoya qilishini bildirgan. Kompaniya Trampga yetkazilgan real zarar isbotlanmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, Tramp mazkur material efirga uzatilgach, yana prezident etib saylangani qayd etilgan.
BBC suddan ishni bekor qilishni va tergov jarayonini vaqtincha to‘xtatishni so‘ragan. Kompaniya fikricha, da’vo rad etilishi mumkin bo‘lgan paytda keng qamrovli tergov ortiqcha xarajat va yuk keltirib chiqaradi.
Tramp BBCni Florida shtatining adolatsiz va chalg‘ituvchi amaliyotlarga qarshi qonunini buzganlikda ayblagan. U da’vo doirasida har bir band bo‘yicha kamida 5 milliard dollardan kompensatsiya talab qilmoqda.
Qaynoq24.uz Tramp Venesuela muxolifati yetakchisi Machadoni Oq uyda qabul qilishi haqida yozgan edi.

