Belarus hukumati AQSH bilan kelishuvdan so‘ng 123 nafar mahbusni ozod qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Ozod etilganlar orasida muxolifat faoli Mariya Kolesnikova hamda Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahbuslarning ozod etilishi Minskda AQSH prezidenti Donald Trampning Belarus bo‘yicha maxsus vakili Jon Koul bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin amalga oshirilgan. Kelishuv doirasida AQSH Belarusga nisbatan ayrim sanksiyalarni bekor qilishga rozi bo‘lgan.
Xususan, Belarus iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan va o‘g‘it ishlab chiqarishda ishlatiladigan kaliy (potash) eksportiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangan. Jon Koulning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar normallashgani sari sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

2020-yildan beri qamoqda bo‘lgan Mariya Kolesnikova ozodlikka chiqqach, o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi. U erkinlikdagi ilk quyosh botishini ko‘rish va yaqinlarini quchoqlashni “beqiyos baxt” deb atadi. Shu bilan birga, u hali ham qamoqda qolayotganlar borligini eslatib, ularning ham ozod bo‘lishiga umid bildirdi.
Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Kolesnikova yana 113 nafar sobiq mahbus bilan birga Ukrainaga topshirilgan. Ular tibbiy yordam olgach, Polsha va Litvaga yuborilishi rejalashtirilgan. Bir necha kishi, jumladan Ales Belyatskiy esa bevosita Litva poytaxti Vilnyusga olib kelingan.
Belarus muxolifatining muhojirlikdagi yetakchisi Svetlana Tixanovskaya mahbuslarning Ukrainaga yuborilishi qarori kutilmagan bo‘lganini va bu qaror Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko tomonidan qabul qilinganini aytdi.
Qaynoq24.uz Polsha Belarus chegarasida ikkinchi mudofaa chizig‘ini qurishni boshlagani haqida yozgan edi.

