O‘zbekistonda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushuriladi. Bu haqda ’Huquqiy axborot” Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Avval amalga oshirilgan “Bir million dasturchi” tashabbusining mantiqiy davomi sifatida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyiha doirasida sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalar yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Qarorda har yili loyiha ishtirokchilari orasida eng yuqori natijalarga erishganlarni rag‘batlantirish maqsadida milliy tanlov o‘tkazilishi belgilangan. Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Jumladan, bir ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlari, xorijiy sayohat yo‘llanmalari, noutbuklar hamda boshqa sovrinlar topshiriladi. Shuningdek, ayrim oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari ham maxsus mukofotlarga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Ular raqamlashtirish sohasidagi zamonaviy kasblar, jumladan IT-loyiha boshqaruvi, startaplarni boshqarish hamda xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, xalqaro darajadagi IT-sertifikatlarni olish uchun o‘quv kurslarida bepul o‘qish yo‘lga qo‘yiladi.
Qaynoq24.uz elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

