Endilikda bojxona bo‘yicha taqiq va cheklovlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida uch oy oldin e’lon qilinadi. Bu haqda Prezident farmoni qabul qilindi.
2028-yil 1-yanvardan boshlab bojxona sohasidagi qoidabuzarliklar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona tartibi amaliyotga kiritiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-maydan tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashda shaffof mexanizm joriy etiladi.
Vakolatli davlat organlari va ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar uchun yig‘imlar hamda to‘lovlar miqdori va ularning hisob-kitobi ham mazkur axborot tizimi orqali ochiq e’lon qilinadi. Belgilangan talablarga rioya etilmagan holda joriy qilingan taqiq va cheklovlar, shuningdek, yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan bir qator tartiblar bekor qilinadi. Jumladan, muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan majburiy tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti tugatiladi. Sertifikatlash organlarini belgilangan tartibda davriy baholashdan o‘tkazmasdan turib, ularni O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan elektron tizimdan uzib qo‘yish ham bekor qilinadi. Bundan tashqari, muvofiqlik sertifikati berishni rad etish to‘g‘risida rasmiy qaror bo‘lmagan taqdirda yoki xorijiy davlatlar ma’lumotlariga asoslanib mahsulotlarni sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiq qo‘yish amaliyotiga barham beriladi.
Qaynoq24.uz davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigi qanday to‘ldirilishi haqida yozgan edi.

