Ozarbayjonning Boku shahrida joylashgan 14-son o‘rta maktabda o‘quvchilarning sog‘lig‘i yomonlashgani bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Zakon.kz xabariga ko‘ra, 8 nafar o‘quvchi saqich iste’mol qilganidan keyin o‘zini yomon his qilib, shifoxonaga olib ketilgan.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, besh o‘quvchi A. Garaev nomidagi bolalar klinik shifoxonasiga, yana uch nafari esa Narimanov tumani bolalar infeksion shifoxonasiga joylashtirilgan. Ularga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan: bir o‘quvchida yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi aniqlangan, qolganlarida esa o‘tkir gastrit tashxis qo‘yilgan. Zarur tibbiy ko‘rikdan so‘ng bolalar ambulator davolanish uchun uylariga qaytarilgan.
Maktab rahbariyatining ma’lum qilishicha, o‘quvchilar noma’lum sababdan o‘zlarini yomon his qilgan — ularda holsizlik va ko‘ngil aynishi kuzatilgan. Hodisa sodir bo‘lgan zahoti tez yordam chaqirilgan, mas’ul davlat organlari hamda ota-onalar xabardor qilingan.
Dastlabki tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, o‘quvchilardan biri darsga yaqin do‘kondan saqich sotib olib, sinfdoshlariga ulashgan. Mutaxassislar aynan shu mahsulot bolalarning ahvoli yomonlashishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hozirda voqea yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. O‘quvchilarning ahvoli qoniqarli ekani bildirilgan.
Qaynoq24.uz Tailandda maymun tishlagan erkak vafot etgani haqida yozgan edi.

