Avstraliyaning Sidney shahridagi Bondi plyajida sodir bo‘lgan ommaviy otishma bo‘yicha tirik qolgan gumondor Navid Akramga nisbatan 59 ta ayblov e’lon qilindi. Ular orasida 15 ta qotillik, shuningdek, terrorchilik harakatini sodir etish aybi ham mavjud. Bu haqda Yangi Janubiy Uels politsiyasi ma’lum qildi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jarohatlanganlarning 20 nafari hanuzgacha Sidney shifoxonalarida davolanmoqda, ulardan biri og‘ir ahvolda qolmoqda.
Hodisa joyida Navid Akramning otasi, 50 yoshli Sajid Akram, politsiya bilan otishma vaqtida yo‘q qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujum Avstraliyadagi yahudiy jamoasiga qarshi qaratilgan bo‘lib, Hanukka bayramining birinchi kuni nishonlanayotgan tadbir vaqtida sodir etilgan.
Mazkur voqea Avstraliyada 1996-yildan buyon qayd etilgan eng qonli otishma sifatida baholanmoqda. Politsiya hodisani rasmiy ravishda terrorchilik hujumi deb e’lon qilgan.
Huquq-tartibot idoralari gumondorlar foydalangan avtomobilda qo‘lda tayyorlangan portlovchi moslamalar va “Islomiy davlat” ramzlari topilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Navid Akramga qotillik niyatida og‘ir tan jarohati yetkazish bo‘yicha yana 40 ta ayblov, shuningdek, taqiqlangan terrorchi tashkilot ramzlarini ommaviy namoyish etish bo‘yicha ham ish ochilgan.
Navid Akram hujum vaqtida og‘ir jarohat olgan va ilk sud majlisi shifoxonadagi yotoqdan turib o‘tkazilgan. Sud jarayoni 2026-yil apreliga qoldirilgan. Politsiya hozircha gumondorni rasmiy so‘roq qilish uchun uning dori ta’siridan chiqishini kutmoqda.
Shuningdek, tergov davomida ota va o‘g‘il hujumdan bir oy avval Filippinga safar qilgani aniqlangan. Ular 1–28-noyabr kunlari mamlakatda bo‘lgan va Davao shahriga yo‘l olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Navid Akram Avstraliya pasporti bilan, Sajid Akram esa Hindiston pasporti bilan safar qilgan.
Sajid Akram asl kelib chiqishi Hindistonning Haydarobod shahridan bo‘lib, u yerda oila a’zolari bilan aloqasi cheklangan bo‘lgan.
Qaynoq24.uz Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqi kuchga kirgani haqida yozgan edi.

