Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD global avtomobil sanoati standartlarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydigan International Automotive Task Force (IATF) tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Bu haqda Y-Auto xabar berdi.
BYD ushbu tashkilotda Volkswagen, BMW va Geely kabi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan bir qatorda ishlaydi. Kompaniya yangi tashkil etilgan IATF AISBL yuridik tuzilmasining ham a’zosiga aylandi.
IATF tarkibiga kirish kompaniyaga global avtomobil ta’minot zanjirida qo‘llaniladigan sifat menejmenti standartlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etish imkonini beradi. Shu orqali Xitoy elektromobil texnologiyalari xalqaro qoidalarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
BYD allaqachon o‘z yetkazib beruvchilaridan IATF 16949 sifat sertifikatini olishni talab qilmoqda. Bu global avtomobil sanoatida qo‘llaniladigan asosiy sifat menejmenti standarti hisoblanadi. Kompaniya Automotive Industry Action Group tavsiyasi va IATF a’zolarining bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkilotga qabul qilindi. Shu tariqa BYD oddiy ishlab chiqaruvchidan global sanoat standartlarini shakllantiruvchi kompaniyalar qatoriga o‘tdi.
Shu bilan birga, BYD ichki bozorda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 2026-yil fevral oyida kompaniyaning yangi energiya avtomobillari savdosi mavsumiy omillar sabab 41 foizga kamaygan.
Qaynoq24.uz Geely yangi avtomobil ustida ishlayotgani haqida yozgan edi.

