Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Kosonsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga noqonuniy ravishda olib kirilgan yirik miqdordagi oltin savdosiga chek qo‘yildi.
Tergovga ko‘ra, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro tog‘asining ko‘rsatmasiga asosan davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘iziston hududidan O‘zbekistonga taxminiy qiymati 1,1 milliard so‘m bo‘lgan, umumiy og‘irligi 1 kilogramm 168 grammni tashkil etuvchi oltin quymasi parchalari olib kirgani haqida tezkor ma’lumot olingan.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida u oltinni tumanda yashovchi boshqa bir qarindoshiga topshirayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari hamda 223-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.

