Chilida Xose Antonio Kast prezident etib saylandi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. U kelasi yil mart oyida rasman lavozimiga kirishadi.
Saylov kampaniyasi davomida xavfsizlik, migratsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra, Kast hukmron chap qanot koalitsiyasi nomzodi Janett Xarani katta ustunlik bilan mag‘lub etdi. Ovozlarning 58 foizdan ortig‘i Kast foydasiga berildi. Bu uning prezidentlik poygasidagi uchinchi urinishida qo‘lga kiritilgan g‘alaba bo‘ldi.
Mazkur natija Chilida 1990-yilda harbiy diktatura tugaganidan buyon kuzatilgan eng keskin siyosiy burilishlardan biri sifatida baholanmoqda. Xose Antonio Kast avvalroq mamlakatni uzoq yillar boshqargan sobiq diktator Augusto Pinochet faoliyatini ijobiy baholagani bilan tanilgan.
Prezident etib saylanganidan so‘ng tarafdorlari oldida qilgan ilk nutqida Kast mamlakatda xavfsizlik tiklanishini va’da qildi. Uning ta’kidlashicha, jinoyatchilik va qo‘rquvga barham beriladi hamda huquqbuzarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi. U jinoyatchilar qidirilib topilishi, sud qilinishi va qamoqqa olinishi haqida qat’iy bayonot berdi.
Poytaxt Santyagoda bo‘lib o‘tgan tantanalarda Kast tarafdorlari Chili bayroqlari bilan ko‘chalarga chiqdi. Ayrim saylovchilar mamlakatda so‘nggi yillarda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar kuchayganini ta’kidlab, yangi prezidentdan aynan shu sohada aniq natijalar kutayotganini bildirdi.
Qaynoq24.uz Ramzan Qodirov 2026-yilgi Checheniston rahbari saylovlarida ishtirok etish masalasiga izoh bergani haqida yozgan edi.

