Ijtimoiy tarmoqlarda COVID-19 vaksinalari olgan insonlarda saraton kasalligi rivojlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu da’volarga rasmiy munosabat bildirildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov mazkur ma’lumotlar mutlaqo asossiz ekanini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 710 mln kishi COVID-19’ga chalingan va 7 mlndan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan. Agar vaksinalar yaratilmagan va emlash tadbirlari ommaviy tarzda o‘tkazilmaganida, bu ko‘rsatkichlar bir necha baravar yuqori bo‘lishi mumkin edi.
Mutaxassisning aytishicha, amalda qo‘llanilgan vaksinalar inson genomiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu ilmiy tadqiqotlar orqali isbotlangan. Ayrim emlanganlarda nafas qisishi, tana haroratining oshishi yoki yurak urishining tezlashuvi kabi holatlar kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Biroq bunday alomatlar vaqtincha bo‘lib, 2–3 kun ichida o‘z-o‘zidan yo‘qolgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim materiallarda emlashdan keyin paydo bo‘lgan holatlardan xalos bo‘lish uchun karabash va arslonpanjasi kabi giyohlardan foydalanish tavsiya etilgani ham tanqid qilindi. Mutaxassislar bu fikrlarni ilmiy asosga ega emas, deb baholadi. Qayd etilishicha, karabash odatda shamollash va nafas yo‘llari yallig‘lanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal muvozanatni saqlash uchun qo‘llaniladi. Ushbu o‘simliklar vaksina hosil qilgan immunitetni yo‘q qilish xususiyatiga ega emas.
Umuman olganda, pandemiya davrida qo‘llanilgan vaksinalar epidemiologik vaziyatni yumshatdi va millionlab insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qildi. Shuning uchun mutaxassislar tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni va bunday ma’lumotlarni tarqatishdan avval albatta mutaxassis bilan maslahatlashishni tavsiya etadi.
Qaynoq24.uz Efiopiyada xavfli Marburg virusi tarqalgani haqida yozgan edi.

