Daniya hukumati 15 yoshgacha bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Parlamentdagi aksar partiyalar tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini bildirgan. Hozircha qaysi platformalarga taqiq qo‘llanishi ma’lum emas.
Hukumatga ko‘ra, Daniya bolalari eng ko‘p foydalanadigan platformalar Snapchat, YouTube, Instagram va TikTok hisoblanadi. Rasmiylar bu qaror yoshlar ruhiy salomatligini himoya qilish uchun zarur ekanini aytmoqda.
Raqamlashtirish vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, 15 yoshdan kichik bolalar zararli kontent yoki zararli funksiyalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan platformalarga kirmasligi kerak. Ammo istisnolar mavjud: ota-onalar farzandiga 13 yoshdan boshlab ruxsat berishi mumkin.
Rejada 160 mln Daniya kronasi ajratilib, bolalar va yoshlarning raqamli hayotini xavfsiz qilishga qaratilgan 14 ta tashabbus amalga oshiriladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining “Digital Services Act” bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi, alternativ ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirishga mablag‘ ajratiladi va internetda noqonuniy reklamalarga qarshi kurash kuchaytiriladi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, bolalar raqamli dunyoda yolg‘iz qolmoqda. Ularning uyqusi buzilmoqda, diqqat jamlash qobiliyati pasaymoqda va internetdagi bosim kuchaymoqda. Bu jarayonni ota-ona, o‘qituvchi yoki tarbiyachi yolg‘iz to‘xtata olmaydi.
Daniya bu borada Yevropada yetakchilik qilayotganini aytmoqda. Daniya qarori Avstraliyaning tajribasi ortidan qabul qilinmoqda. Avstraliya dekabr oyidan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi. Qoidani buzgan platformalar 50 million Avstraliya dollari jarimaga tortilishi mumkin. Yaqinda Avstraliya Kick va Reddit platformalarini ham taqiqlanadigan ro‘yxatga qo‘shdi.
Mazkur chora Facebook, Instagram, TikTok, X, Snapchat, YouTube va boshqa platformalar uchun 16 yoshdan kichik bolalar akkauntlarini yopishni majburiy qiladi.
Qaynoq24.uz nashri Yangi Zelandiyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga taqiq joriy etilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

