Daniya hukumati mamlakatda sodir bo‘lgan ikkita yirik kiberhujum uchun Rossiya bilan bog‘liq xaker guruhlarini aybladi. Bu haqda 19 dekabr kuni mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, hukumat Rossiya elchisini chaqirtirishga qaror qilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, birinchi kiberhujum 2024 yil oxirida suv tozalash korxonasiga qilingan. Bu hujum Z-Pentest nomli prorossiya xaker guruhiga nisbat berilmoqda. Natijada suv quvurlari portlab, ichimlik suvi ta’minoti qisqa muddatga uzilgan.
Ikkinchi hujum esa noyabr oyida o‘tgan munitsipal va mintaqaviy saylovlar arafasida sodir bo‘lgan. NoName057(16) nomli prorossiya guruh hujum mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan. Natijada bir qator siyosiy partiyalar, davlat muassasalari va bir mudofaa kompaniyasi saytlariga kirish vaqtincha izdan chiqqan.
Daniya harbiy razvedkasi rahbari Tomas Arenkil bu guruhlar Rossiya davlatiga aloqadorligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Moskva ular orqali G‘arbga qarshi “gibrid urush” olib bormoqda. Razvedka ma’lumotlarida bu hujumlar maqsadi Daniya kabi Ukrainaning harbiy yordamchilarida beqarorlik va qo‘rquv uyg‘otish ekani qayd etiladi.
Daniya ichki xavfsizlik vazirligi hujumlar katta zarar yetkazmaganini, biroq muhim infratuzilmadagi zaifliklarni fosh qilganini bildirdi. Rasmiylar bunday hujumlar davlat xizmatlarini falaj qilish imkoniyatini ko‘rsatganini ta’kidladi.
Qaynoq24.uz Rossiya va AQSH Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasida kelishuvga erisha olmagani haqida yozgan edi.

