Adliya vazirligida davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026-yil 20-fevral kuni 3558-4-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Mazkur o‘zgartirishlar bilan budjet sohasidagi normativ-huquqiy hujjatga ilk bor genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish hamda “yashil” budjetlashtirish tushunchalari kiritildi.
Endilikda har yili kelgusi moliya yili uchun budjet prognozi hamda keyingi ikki yilga mo‘ljallangan ko‘rsatkichlarni belgilash jarayonida bu yo‘nalishlar alohida aks ettiriladi. Fiskal strategiya va budjetnomada “yashil” budjetlashtirish hamda genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar va rejalashtirilayotgan islohotlar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar keltirilishi shart.
Shuningdek, budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan ishlab chiqiladigan rivojlantirish dasturlarida qator muhim ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Ular orasida asosiy yo‘nalish, maqsad va vazifalar, sifat va miqdor ko‘rsatkichlari, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari mavjud.
Mazkur o‘zgartirishlar budjet jarayonida ijtimoiy adolat va ekologik barqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Qaynoq24.uz davlat budjeti daromadlarini prognozlash tartibi o‘zgargani haqida yozgan edi.

