AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya masalasida keskin bayonot berdi. Uning aytishicha, Daniya orol xavfsizligini ta’minlay olmayapti. Shu sabab AQSh Grenlandiyaga egalik qilishi kerak bo‘ladi.
Tramp bu haqda Floridada jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, Grenlandiya mavzusi Jahon iqtisodiy forumi doirasida ham muhokama qilinadi. AQSh prezidenti 21-yanvar kuni Davosga yetib borishi va forumda nutq so‘zlashi kutilmoqda.
“Biz unga egalik qilishimizga to‘g‘ri keladi. Daniya uni himoya qila olmaydi”, dedi Tramp.
U Daniya yetakchilarini yaxshi bilishini, ammo ular Grenlandiyaga deyarli bormasligini ham ta’kidladi.
Tramp avvalroq AQSh Grenlandiya ustidan nazoratni kuchaytirishi zarurligini bir necha bor aytgan. Uning fikricha, Arktika mintaqasida Rossiya va Xitoy suvosti kemalari faolligi oshgan. Bu esa milliy va global xavfsizlik uchun tahdid hisoblanadi.
20-yanvar kuni Tramp Grenlandiya masalasini Mark Ryutte, ya’ni NATO bosh kotibi bilan ham muhokama qilganini ma’lum qildi. U bu haqda Truth Social’dagi sahifasida yozib qoldirdi va Grenlandiya xavfsizlik uchun muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Tramp o‘z sahifasida Emmanuel Makron yuborgan xabarlar skrinshotlarini ham e’lon qildi. Unda Fransiya prezidenti Trampning Suriya va Eron bo‘yicha siyosatini qo‘llab-quvvatlagan, biroq Grenlandiya masalasidagi pozitsiyasini tushunmasligini bildirgan. Makron forumdan so‘ng Parijda yettilik guruhi doirasida uchrashuv o‘tkazishni ham taklif qilgan.
Qaynoq24.uz Tramp Grenlandiya masalasida keskinlashuvni kuchaytirgani haqida yozgan edi.

