Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Jahon iqtisodiy forumi doirasida tashkil etiladigan Tinchlik kengashi ustavini imzolash marosimida ishtirok etadi. Bu haqda Tenginews xabar bermoqda.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 22-yanvar kuni davlat rahbari AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Shveysariyaning Davos shahriga amaliy tashrif bilan boradi. Tashrif davomida Toqayev Tinchlik kengashi ustavini imzolash marosimida qatnashadi.
Avvalroq Qasim-Jomart Toqayev Donald Trampdan G‘azo sektori bo‘yicha tashkil etilayotgan Tinchlik kengashiga qo‘shilish taklifini olgani haqida xabar berilgan edi. Qozog‘iston ushbu kengashni tashkil etuvchi davlatlardan biri bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Prezident Toqayev AQSh yetakchisiga javob maktubi yo‘llab, taklif uchun minnatdorlik bildirgan va yangi tuzilmada ishtirok etishga rozilik bergan.
Ma’lumot uchun, 19–23-yanvar kunlari Davos shahrida Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda. 22-yanvar kuni aynan shu forum doirasida Donald Tramp G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solishga qaratilgan Tinchlik kengashi ustavi rasman e’lon qilinadigan marosimni o‘tkazadi.
Vashington tashabbusiga ko‘ra, Tinchlik kengashi G‘azoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha strategik nazoratni ta’minlash, xalqaro resurslarni safarbar etish va olingan majburiyatlar bajarilishini kuzatish bilan shug‘ullanadi.
Kengashning ta’sis ijroiya kengashiga diplomatiya, infratuzilma, taraqqiyot va iqtisodiy strategiya sohasida tajribaga ega yetti nafar yetakchi kirishi rejalashtirilgan. Shuningdek, G‘azo sektori boshqaruvi ustidan nazorat qiluvchi alohida ijroiya kengash ham tuziladi.
Qaynoq24.uz AQSh O‘zbekistonni Yaqin Sharq bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qilgani haqida yozgan edi.

