Dunyodagi eng katta o‘rgimchak to‘ri topildi

Foto: Marek Audy / Manba: Euronews
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Albania va Gretsiya chegarasidagi Sulfat g‘oridan dunyodagi eng katta o‘rgimchak to‘ri topildi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.

Olimlar doimiy qorong‘ulikda joylashgan ulkan o‘rgimchak to‘rida 111 mingdan ortiq o‘rgimchak yashayotganini qayd etdi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu hozircha dunyodagi eng yirik o‘rgimchak to‘ri hisoblanadi.

17-oktabr kuni Subterranean Biology jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, to‘r tor va past shiftli yo‘lak devori bo‘ylab 106 kvadrat metr maydonga yoyilgan. To‘r minglab kichik voronkasimon tuzilmalar majmuasidan iborat bo‘lib, bunday kolonial tuzilma ushbu ikki tur uchun birinchi bor kuzatilmoqda.

Foto: Euronews

Tadqiqot muallifi, Ruminiyadagi Sapientia universiteti biologiya professori István Urák bu kashfiyot tabiatning kutilmagan hodisalarga boy ekanini yana bir bor ko‘rsatganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rni birinchi bor ko‘rgan paytdagi taassurotlar hayrat va chuqur hurmat tuyg‘u bilan to‘lgan.

O‘rgimchaklar “megapolisi” qayerda joylashgan?

Ushbu ulkan koloniya Sulfat g‘ori deb nomlangan joyda topilgan. G‘or yer osti suvlarida vodorod sulfidning oksidlanishi oqibatida hosil bo‘lgan kislotali bo‘shliq hisoblanadi.

Xarita manbasi: Euronews

G‘ordagi to‘r 2022-yilda Chex Speleologiya jamiyati tomonidan ilk bor ko‘rilgan. 2024-yilda olimlar yana g‘orga qaytib, to‘r namunalarini yig‘ishgan. Laboratoriya tahlillaridan so‘ng Urák boshchiligidagi jamoa katta ekspeditsiya tashkil etgan.

Tahlillar koloniyada ikki tur yashashini ko‘rsatdi: Tegenaria domestica (uy o‘rgimchagi) – taxminan 69 ming dona Prinerigone vagans – 42 mingdan ortiq.

Bu ikki tur odatda alohida yashaydi, ammo Sulfat g‘orida ular bir xil to‘r ustida tinch-totuv birga hayot kechirmoqda. Olimlarning fikricha, bu tabiatda juda noyob holat.

Katta ahamiyatga ega topilma

Video: Ijtimoiy tarmoq

Bu kashfiyot o‘rgimchaklarning kolonial xatti-harakatga ega bo‘lishi bo‘yicha birinchi ishonchli dalil sifatida qayd etildi. Shuningdek, tabiatning murakkab va kutilmagan jarayonlari hali ham o‘rganishga muhtoj ekanini ko‘rsatadi.

Urák koloniyani saqlab qolish muhimligini ta’kidladi, chunki g‘or ikki davlat chegarasida joylashgani sababli muhofaza masalalari murakkablashishi mumkin.

Hozir olimlar Sulfat g‘ori aholisi haqida yana bir kengroq tadqiqot ustida ishlamoqda.

Qaynoq24.uz nashri Islandiyada birinchi marta chivinlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.