Ekohududlarda turistik yo‘laklarni tashkil etish tartibi belgilandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida ma’lum qilindi.
Hukumatning 2025-yil 10-dekabrda qabul qilingan 778-son qarori bilan ekohududlarda turistik yo‘laklarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi. Hujjat davlat qo‘riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar, o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, shuningdek tog‘li va cho‘l hududlarida turistik yo‘laklarni yaratish jarayonini tartibga soladi.
Nizomga muvofiq, turistik yo‘lakni tashkil etmoqchi bo‘lgan balansda saqlovchi tashkilot tegishli hududdagi Turizm qo‘mitasi bo‘linmasiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza tarkibiga yo‘lak bo‘yicha ma’lumotnoma, uning xaritasi, foto va video materiallar ilova qilinadi. Murojaat tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Hududiy bo‘linma mutaxassislari arizadagi yo‘lakning belgilangan talablar asosida tashkil etilishini joyiga chiqqan holda o‘rganib, ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng Turizm qo‘mitasi bo‘linma tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ikki ish kuni mobaynida ko‘rib chiqib, yo‘lakni Turistik yo‘laklarning yagona reyestriga kiritadi. Reyestrga kiritilgan kundan boshlab turistik yo‘lak rasmiy tarzda tashkil etilgan hisoblanadi.
Nizomga ko‘ra, balansda saqlovchi tashkilot reyestrga kiritilgan paytdan boshlab bir oy ichida yo‘lakning kirish nuqtasiga uning pasporti, xaritasi va tegishli axborot belgilarini o‘rnatishi shart.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni belgilovchi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.

