Machala qamoqxonasida yakshanba kuni ertalab yuz bergan tartibsizlikdan keyin vaziyat yanada og‘irlashdi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Tushdan keyin kamida 27 mahbus osilgan holda topilgan. Qamoqxona ma’muriyati ularning hammasi kislorod yetishmasligidan halok bo‘lganini bildirdi.
SNAI agentligi voqeani to‘liq aniqlash ishlari davom etayotganini aytdi. Mahbuslar Peru chegarasiga yaqin joylashgan Machala qamoqxonasida saqlanardi.
Ertalab esa boshqa hodisa qayd etildi. Qamoqxona ichidan o‘q ovozi, portlashlar va yordam so‘ragan baqiriqlar eshitilgani aytilgan. Bu tartibsizlikda 4 kishi o‘lgan, 33 mahbus va 1 politsiyachi jarohatlangan. Maxsus bo‘linmalar darhol ichkariga kirib, nazoratni tikladi.
SNAI tartibsizlikka sabab sifatida mahbuslarni yangi maksimal xavfsizlik blokiga ko‘chirish jarayonini ko‘rsatdi.
Ekvador qamoqxonalarida zo‘ravonlik ko‘p uchraydi. Sentabr oxirida Machalada bo‘lgan yana bir to‘qnashuvda 13 mahbus va 1 xodim o‘lgandi. Bu hodisada ikki yirik narkotik guruhining a’zolari to‘qnashgan.
Ekvador qamoqxonalari so‘nggi yillarda yirik narkotik to‘dalarining boshqaruv markaziga aylangan. Peru va Kolumbiya o‘rtasidagi bu davlat kokain savdosining asosiy yo‘nalishiga aylanganidan buyon jinoyatchilik keskin oshgan. Insight Crime 2024-yilgi hisobotida qamoq tizimini mamlakat zo‘ravonligining markazi deb baholagan.
Qaynoq24.uz nashri Tanzaniyada saylov tartibsizliklaridan keyin kamida 240 kishi davlatga xiyonatlikda ayblangani haqida yozgan edi.

